Buxoro davlat texnika universiteti rektorining Yangi yil tabrigi
Bosh sahifa Buxoro davlat texnika universiteti rektorining Yangi yil tabrigi
Hurmatli professor-o‘qituvchilar, xodimlar, talabalar va aziz hamkorlar!
Sizlarni kirib kelayotgan Yangi yil bilan samimiy muborakbod etaman.
2025-yil Buxoro davlat texnika universiteti hayotida tarixiy va muhim bosqich bo‘ldi. Prezidentimiz qarori bilan 24-yanvar sanasida universitet maqomiga ega bo‘lgan oliygohimiz bugun viloyatimiz va mamlakatimiz iqtisodiyotining ishlab chiqarish, muhandislik, neft-gaz, transport va logistika kabi ustuvor tarmoqlari uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislar tayyorlayotgan yirik ilmiy-ta’lim maskaniga aylandi.
Bugungi kunda universitetda 16 677 nafar talaba tahsil olmoqda, 4 ta fakultet, 24 ta kafedra hamda 54 ta bakalavriat yo‘nalishi faoliyat yuritmoqda. Joriy yilda 17 ta yangi bakalavriat va 2 ta magistratura yo‘nalishlarining ochilishi ta’lim sifatini oshirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. 12 ta ta’lim yo‘nalishi sifat jihatidan yangilandi, 9 ta TOP–500 talikka kiruvchi xorijiy oliygohlar bilan qo‘shma dasturlar yo‘lga qo‘yildi.
417 ta fan dasturlarining TOP–300 talik ilg‘or o‘quv dasturlariga moslashtirilishi, 104 nafar professor-o‘qituvchilarning xorijda stajirovka o‘tashi, ta’lim jarayoniga sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar, energiya samaradorligi va yashil texnologiyalarning joriy etilishi universitetimizning innovatsion rivojlanish yo‘lidan dadil borayotganini yaqqol namoyon etmoqda.
Talabalar bilimini baholashda to‘liq HEMIS tizimi va test avtoproktoring dasturining joriy etilishi, professor-o‘qituvchilar faoliyatini KPI tizimi asosida baholash, tarmoq korxonalari bilan 58 ta kafedra filiallarining tashkil etilishi ta’lim va amaliyot uyg‘unligini yanada mustahkamladi.
Xotin-qizlar va yoshlar uchun IT va muhandislik inklyuziv ta’lim markazining ochilishi, ilmiy markazlar sonining 28 taga yetkazilishi, minglab yoshlarning “Zakovat”, kitobxonlik va ilmiy loyihalarda faol ishtiroki kelajakka bo‘lgan ishonchimizni yanada mustahkamlaydi.
Talabalar va olimlarimizning respublika va xalqaro tanlovlardagi yutuqlari, jumladan, muhandislik, iqlim, kriptologiya va ilm-fan sohalaridagi g‘alabalari universitetimiz salohiyatining yorqin ifodasidir. Shuningdek, 35 ta xalqaro hamkorlik memorandumlari va 38 ta xorijiy delegatsiyaning tashrifi global ta’lim makonidagi nufuzimiz ortib borayotganidan dalolat beradi.
Yangi yilda barchangizga mustahkam sog‘liq, oilaviy farovonlik, ilmiy va kasbiy faoliyatingizda yuksak muvaffaqiyatlar tilayman. Keling, Yangi yilni yangi marralar, yangi g‘oyalar va yuksak natijalar bilan birga qarshi olaylik!
Yangi yil muborak bo‘lsin!
Hurmat bilan,
Sadoqat Siddiqova
Buxoro davlat texnika universiteti rektori