Qadrli talabalar, hurmatli ota-onalar va aziz hamkasblar!
Bugungi kunda dunyo bo‘ylab kechayotgan jarayonlar yoshlarning hayotiga bevosita ta’sir qiladigan ko‘plab omillarni yuzaga chiqarmoqda. Texnologiyalar, axborot oqimlari va ijtimoiy tarmoqlarning cheksiz imkoniyatlari bilan birga, afsuski, zararli illatlar ham cheklovsiz kirib kelmoqda. Shular orasida eng xavflisi — giyohvandlik va u bilan bog‘liq jinoyatlar ekani barchamizga ayon.
Bu illat insonni bir kunda emas, asta-sekin, sezdirmasdan hayotning eng muhim tayanchlaridan — sog‘liq, ong, maqsad va orzulardan uzoqlashtiradi. Giyohvandlikka berilgan yosh avvalo o‘zini, keyin oilasini, so‘ngra jamiyatning tinchligini yo‘qotish xavfi ostida qoladi.
Aziz talaba-yoshlar!
Sizning har biringiz bugungi kunda mamlakatimiz ilmiy, texnik va iqtisodiy rivoji uchun tayyorlanayotgan kuchsiz. Sizdan intizom, hushyorlik, mustaqil fikr va qat’iyat talab etiladi. Talabalik davri — eng qimmat davr. Bu davrni bilim, izlanish, ijobiy tajriba va yuksak maqsadlar bilan to‘ldirish sizning qo‘lingizda.
Shuni unutmang: nohaq taklif, zararli muhit yoki vaqtinchalik qiziqish sizni haqiqiy imkoniyatlaringizdan mahrum etadi. O‘zingizga, tanlagan kasbingizga, orzularingizga sodiq bo‘ling. Hayotning har bir bosqichi sizning kelajakdagi mutaxassisligingizni shakllantiradi.
Hurmatli ota-onalar!
Farzandlarimizning ruhiy holati, darsdan tashqari mashg‘ulotlari, do‘stlari va qiziqishlarini kuzatib borish — ularning xavfsizligi yo‘lida eng samarali chora hisoblanadi. Bir og‘iz nasihat, bir daqiqa suhbat ba’zan katta xatolarning oldini oladi.
Muhtaram ustozlar!
Sizning ilmiy salohiyatingiz, hayotiy tajribangiz va tarbiyaviy maslahatlaringiz yoshlar ongida mustahkam poydevor yaratadi. Talabalar bilan muloqotda doimo ochiqlik, yo‘l-yo‘riq va ma’naviy ko‘mak bo‘lish har birimizning burchimizdir.
Giyohvandlikning oldini olish — bu faqat cheklov emas, avvalo ma’naviy kuch, jamoaviy mas’uliyat va ongli hayot tarzi demakdir. Keling, universitetimizda sog‘lom muhitni birgalikda mustahkamlaylik. Har bir talabaga e’tiborli bo‘laylik. Ularning ertangi kun uchun sog‘lom va munosib jamiyat a’zosi bo‘lib ulg‘ayishiga ko‘maklashaylik.
Sadoqat Siddiqova
Buxoro davlat texnika universiteti rektori, professor