“EKOLOGIK MADANIYAT: MUAMMO VA YECHIMLAR” Respublika miqyosidagi ilmiy-nazariy anjuman

   Buxoro davlat texnika universitetining “Ijtimoiy fanlar va jismoniy madaniyat” kafedrasi hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi hamkorligida jamiyatda ekologik madaniyatni rivojlantirish, yosh avlodda ekologik ongni yuksaltirish, shuningdek, “yashil” iqtisodiyotning afzalliklarini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida respublika miqyosidagi an’anaviy ilmiy-nazariy anjuman o‘tkazildi.

   Anjumanda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi rahbari, partiyaning Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi, professor Abdushukur Xamzayev, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti rektori, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Buxoro viloyat Kengashi raisi, Xalq deputatlari Buxoro viloyat Kengashi deputati Sadoqat Siddiqova ishtirok etib, ekologik madaniyatni shakllantirish, atrof-muhit muammolarini bartaraf etish bo‘yicha muhim fikr va takliflar bildirishdi.

 Anjumanda oliy ta’lim muassasamizning professor-o‘qituvchilari hamda mutaxassislar ham ishtirok etib, ekologik muammolarni bartaraf etishda xorijiy tajribalar bo'yicha ilmiy fikrlar, tahliliy yondashuvlar hamda amaliy takliflarini ilgari surdilar. Bu esa ekologik muammolarga tizimli yondashuvni shakllantirishda muhim qadam bo‘ldi.

Anjuman quyidagi sho‘balar bo‘yicha faoliyatini olib bordi:
1️⃣ Ekologik ta’lim va tarbiya tushunchalarini shakllantirish tamoyillari
2️⃣ “Yashil iqtisodiyot”ga o‘tish va ekologik madaniyatni shakllantirishda xorijiy tajriba: yondashuv va echimlar
3️⃣ Ekologik madaniyatni yuksaltirishda fuqarolik jamiyati institutlari ishtiroki va roli
4️⃣ Tarixiy meros va islom falsafasida ekologik dunyoqarashni shakllantirish masalalari

  Anjuman davomida ekologik muammolar va ularning kompleks yechimlari, shuningdek, yoshlar orasida ekologik ongni shakllantirishga oid takliflar muhokama qilindi.

  Esimizda tutaylik: Ekologik barqarorlik va sog‘lom kelajak — barchamizning mas’uliyatimiz!