Buxoro davlat texnika universitetida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Jasur Jumayev ishtirokida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

   Deputat universitetning Inklyuziv ta’lim markazida imkoniyati cheklangan talabalar bilan samimiy muloqot o‘tkazdi. Uchrashuv davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar hamda takliflari bilan o‘rtoqlashdi.

  Deputat tomonidan ularning murojaatlari diqqat bilan tinglanib, tegishli yo‘nalishlarda amaliy yordam ko‘rsatish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

  Buxoro davlat texnika universitetidagi “Xotin-qizlar, yoshlar uchun IT va muhandislik inklyuziv ta’lim markazi” 14–30 yoshdagi yoshlar, jumladan imkoniyati cheklanganlar uchun IT va muhandislik yo‘nalishlarida (grafik dizayn, dasturlash, loyihalash, kompyuter tizimlari, robototexnika, ingliz tili va hokazo.) 20 dan ziyod zamonaviy kasb va ko‘nikmalar berishga qaratilgan.

 Tinglovchilar nazariy bilim bilan birga amaliy loyiha va portfolio yaratishni ham o‘zlashtirib, mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassis sifatida tayyorlanadi.

  Shuningdek, deputat “Kelajak muhandislari” festivali doirasida faol tayyorgarlik ko‘rayotgan yoshlar bilan ham uchrashib, ularning innovatsion g‘oyalari va loyihalari bilan yaqindan tanishdi.

 Mazkur uchrashuv yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning tashabbuslarini rag‘batlantirish hamda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.