Buxoro davlat texnika universitetida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi doirasida “Ko‘mak” loyihasi asosida ssuda olgan yoshlar, o‘quv markazlari, nashriyot va kitob do‘konlari rahbarlari hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasi bitiruvchilari ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi.
Mazkur uchrashuv yoshlarning innovatsion fikrlashi, ilmiy salohiyati va startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Tadbir davomida faol va tashabbuskor talaba-yoshlar zamonaviy texnologiyalar asosida ishlab chiqilgan innovatsion loyihalari hamda istiqbolli startap g‘oyalarini taqdim etdilar.
Ochiq muloqot jarayonida yoshlar o‘z g‘oyalari, tashabbuslari va kelajak rejalari haqida fikr almashib, rahbarlar bilan samimiy suhbat olib bordilar. Ayniqsa, innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, startaplarni rivojlantirish va yoshlarning ilmiy izlanishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir yoshlarning kreativ fikrlashi, ilm-fanga bo‘lgan qiziqishi hamda yurt taraqqiyotiga daxldorlik hissini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
