O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 24.01.2025 yildagi “Buxoro davlat universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-22-sonli qarorining 19.3-bandi ijrosini taʼminlash maqsadida Buxoro davlat texnika universitetiga “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi o‘rinbosari Qahramon Hakimov, “O‘zbekneftgaz” AJ Personalni boshqarish departamenti boshlig‘i Anvar Avezov, Gazni qayta ishlash va gazkimyo departamenti boshlig‘i Abrorjon Xudoyberganov, “Innovatsion faoliyat” bo‘limi boshlig‘i Tursunpo‘lat Jalilov, “Innovatsion faoliyat” bo‘limi bosh mutaxassisi Sarvar Shermatov, “Buxoro neftni qayta ishlash zavodi” MCHJ, Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi, Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi, Muborak gazni qayta ishlash zavodi, “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ rahbariyati va mas’ullari tashrif buyurdi.
Dastlab mehmonlar oliygohdagi fan, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik integratsiyasini mustahkamlash va neft-gaz sohasida malakali kadrlarni tayyorlashga ixtisoslashtirilgan ilg‘or muhandislik maktabi shart-sharoitlari bilan tanishtirildi.
Shuningdek, tashrif buyurgan mehmonlarga professor-o‘qituvchilar tomonidan tebratma-dastgoh qurilmasi hamda 20 ga yaqin ilmiy-innovatsion loyihalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Taqdimotda PQ-22-sonli qarorining 19.3-bandi ijrosini taʼminlash bo‘yicha “O‘zbekneftgaz” АJ tomonidan uning tasarrufidagi ishlab chiqarish korxonalari muammolari asosida shakllantirilgan ilmiy-tadqiqot va innovatsion loyihalar taqdimoti hamda Buxoro davlat texnika universiteti tomonidan ishlab chiqilgan dastur asosida loyihalar taqdimoti va muhokamasi amalga oshirildi.
So‘ngra IMMning kelgusidagi faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha quyidagi masalalar muhokama etildi:
✔️IMM faoliyatini muvofiqlashtirish va strategik rivojlanishini belgilash maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJ mutasaddi vakillari va universitet professor-o‘qituvchilari ishtirokidagi Kuzatuv kengashini tuzish;
✔️sohadagi ishlab chiqarish korxonalari va tashkilotlarining kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarini o‘rganish va 2025/2026 o‘quv yili qabuli uchun kvotani shakllantirish;
✔️Top-300 ga kirgan va sohadagi yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarining ta’lim dasturlari hamda sanoat hamkori talablari asosida o‘quv reja hamda o‘quv dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha “O‘zbekneftgaz” AJning tajribali mutaxassislari va professor-o‘qituvchilaridan iborat ishchi guruh tarkibini shakllantirish;
✔️mutaxassislik fanlarini o‘qitishda dunyoning Top-300 ga kirgan oliy ta’lim muassasalarida o‘qitiladigan adabiyotlar ro‘yxatidan darslik va o‘quv qo‘llanmalarni tanlab olish va tarjima qilish;
✔️kelgusida IMMdagi mavjud “Neft va gaz ishi”, “Neft va gaz kimyosi va texnologiyasi” hamda “Ilmiy tadqiqotlar” laboratoriya xonalarini trenajerlar, simulyatsion stendlar va zamonaviy ilmiy laboratoriya jihozlari, fizik-kimyoviy va analitik tahlillarni amalga oshiruvchi asbob-uskunalari bilan ta’minlash;
✔️so‘ngi avlod kompyuterlari va VR texnologiyalari bilan jihozlangan “Raqamli tadqiqotlar” laboratoriyasini zamonaviy matematik modellashtirish va loyihalash hamda ishlab chiqarish korxonalari texnologiyalarining virtual simulyatsion dasturlari bilan ta’minlash;
✔️xarid qilinadigan zamonaviy laboratoriya asbob-uskunalari va jihozlarini mahalliy va xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish;
✔️talabalarga xorijiy professorlar, soha mutaxassislari hamda universitet professor-o‘qituvchilaridan ilmiy rahbarlar tayinlash;
✔️IMM bitiruvchilarining bandligini ta’minlash mexanizmini ishlab chiqish va boshqa masalalar.